Maktablarda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari 24 may kuni o‘tkaziladi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Foto: Kun.uz
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari o‘tkazilishi taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Vazirlik izohida ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tadbir o‘tkazilishi taqiqlangani, cheklovlar o‘rnatilgani haqida turli noto‘g‘ri xabarlar tarqalayotgani qayd etilgan. Joriy o‘quv yilining oxirgi kuni 25 may, yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani sababli «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari 24 may – shanba kuni o‘tkazilishi belgilangan.
«Vazirlik shuni ma’lum qiladiki, maktablarimizda so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarini ko‘tarinki kayfiyatda, tantanalar bilan o‘tkazish an’anasi bu yil ham davom etadi», deyiladi xabarda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktablar jamoalarini, bitiruvchilarni, ota-onalarni tadbirlar jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etishga chaqirdi.
Bundan avval O‘zbekiston maktablarida 25 may kuni bo‘lib o‘tadigan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida vals tushishni taqiqlanishi haqida xabar tarqalgandi. Vazirlik matbuot xizmati «Daryo»ga bergan izohida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida vals tushish taqiqlanishi borasida hech qanday hujjat yo‘qligi, biroq farzandlari darsdan so‘ng qolib raqs tushishni o‘rganishi, tadbir uchun qimmat kiyimlar tiktirish, buning uchun pul yig‘ish holatlari ota-onalarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganini bildirib o‘tgandi.