Yaponiyadagi ko‘rgazmada O‘zbekiston paviloni yuz minglab mehmonlar e’tiborini tortdi - Saida Mirziyoyeva
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Expo-225 ko‘rgazmasida O‘zbekiston «Bilimlar bog‘i: kelajak jamiyati laboratoriyasi» paviloni bilan qatnashmoqda. Ilhom manbai sifatida Xivada joylashgan 213 ta noyob ustunli jome masjidi hamda Buxoroning lojuvard koshinlari tanlangan.
Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Osakadagi Expo-225 ko‘rgazmasida «Bilimlar bog‘i: kelajak jamiyati laboratoriyasi» deb nomlangan O‘zbekiston paviloni yuz minglab mehmonlarning e’tiborini tortishga ulgurdi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanaliga yozib qoldirdi.
«Ushbu loyiha menga juda qadrli, chunki konsepsiyani ishlab chiqishning dastlabki bosqichlaridanoq unda ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldim. O‘shanda men O‘zbekistonda kechayotgan chuqur jarayonlarni — innovatsiyalar va an’analar o‘rtasidagi uyg‘unlikni, kelajakka intilish va abadiy qadriyatlarga hurmatni aks ettiruvchi makon yaratish g‘oyasini taklif qilgandim», — deydi Saida Mirziyoyeva.
Qayd etilishicha, ilhom manbai sifatida Xivada joylashgan 213 ta noyob ustunli jome masjidi hamda Buxoroning lojuvard koshinlari tanlangan. Aynan shular pavilonning me’moriy va mazmuniy asosini tashkil etadi.
Pavilon o‘zbek jamiyati kabi madaniyatlar, tillar va tarixiy voqealar xilmaxilligidir. O‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ko‘prik bo‘lib, dunyo O‘zbekistonning bugunini chuqurroq anglashiga xizmat qiladi.
«Xalqaro hamkorlarimizga ko‘rsatgan yordami va ishonchi uchun minnatdorlik bildiraman. Birgalikdagi madaniy tashabbuslar va o‘zaro muloqot yurtimiz uchun yangi imkoniyatlar va e’tirof olib kelishiga ishonaman», — deya ta’kidlaydi prezident yordamchisi.
Ma’lumot uchun, «Bilimlar bog‘i» paviloni — 750 kvadrat metr maydonni egallagan uch qavatli inshootdir. 8 metr balandlikdagi muallaq yog‘och qurilma o‘rmonni ifodalaydi: u ham boshpana, ham bilim almashish joyi bo‘lib xizmat qiladi. Yog‘och qurilma har tomondan va yuqorisidan ochiq. Razm solish burchagiga qarab kesishgan yog‘och ustun va to‘sinlar o‘ziga xos naqsh va bezaklarni hosil qiladi, bu esa o‘zbek naqshin bezak berish san’atida milliy madaniyatning muhim qismi sifatida ishora qiladi.