Prezidentning "2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
2025 yil 1 iyundan boshlab turizm sohasidagi barcha davlat elektron tizimlari va platformalari Turizmning yagona milliy platformasi doirasida ishlab chiqiladi. Bunda:
- joylashtirish vositalarini platforma orqali band qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz MylD tizimida identifikatsiyadan o‘tish ruxsat etiladi;
- platformaga ulangan joylashtirish vositalarining shaxsiy kabinetida mehmonlarni QR-kod yoki yuzni tanish tizimi orqali identifikatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.
Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2025 yilda yuqori turistik salohiyatga ega tuman va shaharlarda apart-mehmonxonalar, kapsula uylar va shunga o‘xshash boshqa joylashtirish vositalaridan iborat zamonaviy dam olish zonalarini yaratish rejasi;
- 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
- O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2025 yilda xorijiy turistlarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha reja-jadval;
- xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash va targ‘ibot ishlarini kengaytirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi";
- 2025 yilda maqsadli bozorlardan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida turizm biznesi vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan taqdimotlar (roadshow) ro‘yxati.