Ilm uchun katta mukofot, haydovchilarga yengillik va Xitoyga vizasiz rejim – 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Kambag‘al oilalar qo‘llab-quvvatlanadi
2025 yil 1 iyundan boshlab “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “a’lo” baholarga o‘qiydigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi. Bu haqda prezidentning “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida keltirib o‘tilgan.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan boshlab:
Haydovchilar uchun yengilliklar
O‘zbekiston prezidenti topshirig‘i bilan, haydovchilarga yengillik yaratishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilingandi. Qarorda keltirilgan ayrim o‘zgarishlar 2025 yil 1 iyundan ishga tushadi.
Jumladan, 2025 yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini avtomatlashtirilgan foto-video qayd etish moslamalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” bundan mustasno.
Haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 iyundan boshlab, shaharlarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 7:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi oshadi
2025 yil 8 may kuni prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilingandi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Bunda:
Bundan tashqari, 2025 yil 1 iyundan boshlab “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi, unda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ma’lumoti va mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.
Elektron reyestr ma’lumotlari mas’ul davlat organlarining elektron dasturlari asosida real vaqt rejimida shakllantiriladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari elektron reyestrga kiritilgan shaxslarning bandlik holatini monitoring qiladi.
Xitoyga vizasiz borsa bo‘ladi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim (Chendu, 2024 yil 1 dekabr) 2025 yil 1 iyundan e’tiboran kuchga kiradi.
Bitim O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga o‘zaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga soladi.
Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
Bunda ikki davlat fuqarolari davlatlari hududiga har bir kirish va bo‘lish muddati 30 kundan oshmasligi lozim. Agar fuqarolar 30 kundan ortiq qolishlari kerak bo‘lsa, ular kirish vizasini oldindan olishlari lozim.
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa Tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ko‘rsatilgan bitim Xitoyning Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.
“Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi.
Dastur doirasida quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi:
🔹 uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish xizmati;
🔹 uy sharoitida qarab turish xizmati;
🔹 tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;
🔹 kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
🔹 shaxsiy yordamchi xizmati.
Dastur doirasidagi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismi vaucher asosida qoplab beriladi.
Vaucher qiymati Hukumat tomonidan belgilangan miqdorda subsidiya shaklida to‘lanadi.
Vaucher berish va uning qiymatini to‘lash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi “Oila hamkori” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga katta mukofot beriladi
2025 yil 1 iyundan nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdori 5 baravarga oshiriladi. Bu haqda «O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan.
Bugungi kunda eng nufuzli olimpiadada 1-o‘rinni olgan o‘quvchiga BHMning 500 barobari (187,5 mln so‘m), xalqaro olimpiada g‘olibiga BHMning 150 barobari (56,25 mln so‘m), mintaqaviy olimpiada g‘olibiga esa BHMning 12 barobari (4,5 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti beriladi.
Endilikda eng nufuzli olimpiadalarda (masalan, IMO – matematika, IBO – biologiya, IChO – kimyo, IPhO – fizika, IOI – informatika) g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilarga quyidagicha mukofot pullari beriladi:
1-o‘rin: 937 mln 500 ming so‘m (2500 baravar);
2-o‘rin: 562 mln 500 ming so‘m (1500 baravar);
3-o‘rin: 375 mln so‘m (1000 baravar).
Shuningdek, nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga BHM 2150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.
Boshqa o‘zgarishlar
2025 yil 1 iyundan boshlab: