O‘zbekistonda 2030 yilgacha yashillik darajasi 30 foizga yetkaziladi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish, 2030 yilga qadar respublikada yashillik darajasini 30 foizga, o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini 8 foizdan 15 foizga (6,1 mln gektar) yetkazish maqsad qilingan.
Foto: Shutterstock
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tgan 4 yil davomida respublika bo‘yicha jami 872 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida 125 mln tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda hududlar tuproq-iqlim sharoitiga mos 136,9 mln tup, shundan, o‘rmon fondi yerlarida 8,3 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Ko‘chat ekish tadbirlari uchun 90 ta yangi suv chiqarish quduqlari va 478,45 km masofada sug‘orish tizimlari ishga tushirildi. Sug‘orish imkonsiz bo‘lgan hududlarga 460 ta texnika biriktirildi. 2025 yilda o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan loyiha doirasida 30 mln tup ko‘chat tayyorlab berilishi belgilangan bo‘lib, bahor mavsumida dastlabki 14 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari yetkazib berildi. Qolgan qismi kuzgi mavsumda yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga 406 ming 372 tup, sog‘liqni saqlash muassasalariga 492 ming 623 tup va respublikadagi 1024 ta mahallaga 808 ming 200 tup ko‘chat yetkazib berildi. Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida 126,2 ming gektar, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 71,9 ming gektar, Buxoro viloyatida 23,3 ming gektar, Navoiy viloyatida 16 ming gektar va Xorazm viloyatida 15 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. Cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarda tuproq eroziyasiga qarshi 256 gektar himoya o‘rmonzorlari barpo etildi.