softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

“Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz” - senator odil sudlov masalasida  

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

“Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz” - senator odil sudlov masalasida  

Batafsil o'qish:

Senator Abdurahim Erkayev aholida sud-huquq tizimiga ishonch so‘nib borayotganini, orqaga ketish borligini aytdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yili jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha besh pog‘onaga pastlab, 83-o‘rinni egallagan. Senator xalqaro reytinglardagi bu pasayishning sabablarini sanar ekan, haligacha “telefon huquqi” davom etayotganini, korrupsiya holatlarining mavjudligini bildirdi.

Foto: Videodan kadr

Senator Abdurahim Erkayev Senat yalpi majlisida O‘zbekiston jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksida pastlaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, keyingi yillardagi sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasi yo‘q. 

“2023 yilda biz yangi tahrirdagi konstitutsiyani qabul qildik va odil sudlov tizimi, umuman, hamma sohadagi huquqiy asoslar mustahkamlandi. Bundan tashqari, qancha yangi qonunlar qabul qilinyapti. Hattoki, konstitutsiyaga advokatura to‘g‘risida 2 moddadan iborat bob ham kiritildi. Ko‘pgina davlatlarning konstitutsiyasida advokaturaga bag‘ishlangan bunaqa alohida bob yo‘q. Maqsad – odil sudlovni amalga oshirish. Chunki advokat xizmatisiz odil sudlovni amalga oshirib bo‘lmaydi. Qilingan ishlarga qarab bizning ko‘rsatkichlarimiz yaxshilanishi kerak edi. Afsuski, ba’zi bir sohalarda buning teskarisini ko‘ryapmiz.  

Jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha besh pog‘onaga pastlab, 83-o‘rinni egallab turibmiz. Besh pog‘onaga pastladik. Besh pog‘ona ko‘tarilganimizda boshqa gap edi. Endi huddi shu indeksning tarkibiga kiruvchi fuqarolik odil sudloviga erishish darajasining yuqoriligi subindikatorida mamlakatimiz o‘rni o‘tgan yilda 10 pog‘onaga pasaydi va 96-o‘rindan 106-o‘ringa chiqdik. Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz.

Bu holat nizolarni hal qilishda odil sudlovga erishish qiyinligi, sud tizimiga ishonchning susayib borayotgani, murojaatlarni ko‘rib chiqishda adolat va xolislik prinsiplari aholi tomonidan sezilmayotganidan dalolat beradi. Ko‘p holatlarda sud qarorlarining ijrosi kechiktiriladi yoki bajarilmaydi”, deya ta’kidlagan senator.

Abdurahim Erkayev mazkur indikatorlarni hisoblashda aholi o‘rtasida ham har xil so‘rovlar o‘tkazilishini ta’kidlab, sud-huquq tizimining ayrim sohalariga odamlarning ishonchi pasayib borayotganini bildirgan.

“Keyingi yillardagi sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarimizning natijasi qani? Natijasi yo‘q. Yaxshi emas, orqaga ketish bor. Kim ishlayotgan bo‘lsa ijobiy natijalari bor. Salbiy natija qayd etilgan joylarda ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan”, deya ta’kidlab o‘tgan Abdurahim Erkayev o‘z chiqishida.

Shuningdek, senator xalqaro reytinglarda pasayishning sabablari sifatida haligacha “telefon huquqi” davom etayotganini, ya’ni sudyalarga iltimoslar bo‘layotganini, korrupsiya holatlarining mavjudligini hamda ayrim sudyalarning malakasi pastligini sanab o‘tgan.