«BAAdagi fuqarolarimizni tezlikda tekshiruvdan o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan» - TIV
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Abu-Dabi va Dubaydagi diplomatik vakolatxonalari BAA idoralari bilan fuqarolarni tezroq tekshiruvdan o‘tkazish borasida muzokara o‘tkazgan va ular amirlikka kirishni boshlagan. BAA tomoni esa turli xalqaro tadbirlar munosabati bilan aeroportlarda tekshiruv vaqtlari cho‘zilganini bildirgan.
Foto: Shoxrux Haydarov
2 iyun kuni Jahon chempionati saralashi doirasida BAA–O‘zbekiston o‘yinini ko‘rish uchun borgan yuzlab o‘zbekistonlik muxlislar Sharja aeroportida 6-7 soat davomida ushlab turilgani haqida xabar bergan edik. Vatandoshlar — faqat O‘zbekiston fuqarolarining pasportlari olib qo‘yilgani, ulardan anketa to‘ldirish, mehmonxona band qilgani haqida hujjat va qaytish chiptasining nusxasi so‘ralganini aytishgan.
Oradan 6-7 soat o‘tgach, Toshkent vaqti bilan 14:30 larda O‘zbekiston fuqarolarini aeroportdan o‘tkazib yuborish boshlangan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi. Ma’lum qilinishicha, BAAdagi turli aeroportlar orqali mamlakat hududiga kirib kelayotgan xorijliklarning, shu jumladan, O‘zbekiston fuqarolarining tekshiruvlari cho‘zilib ketayotgan holatlar alohida monitoring qilib borilmoqda.
«Ayni paytda fuqarolarimizning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Mamlakatimizning Abu-Dabi shahridagi elchixonasi hamda Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi BAAning tegishli tashkilotlari bilan ushbu masalada zudlik bilan muzokaralar o‘tkazdi va vaziyatni yaxshilash bo‘yicha doimiy aloqada bo‘lib turmoqda. Hozirda fuqarolarimizni tezlik bilan tekshiruvdan o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan va natijada ular mamlakat hududiga kirib kelishni boshlagan», deyiladi TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov bergan bayonotda.
Shuningdek, O‘zbekiston TIV rasmiysi ma’lum qilishicha, «BAA tomoni turli xalqaro tadbirlar munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilgani sabab aeroportlarda tekshiruv vaqtlari cho‘zilib ketgani»ni bildirgan.
Yana o‘zbekistonliklar ajratildi: BAA aeroportida 100 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari ushlab turildi
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 21 noyabr kuni BAAning Al-Ayn amirligida Isroil va Moldova fuqarosi, BAA rezidenti bo‘lgan rohib Tsvi Koganning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. Yahudiy rohibning o‘limida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi aybdor deb topilib, o‘limga hukm qilindi.
Ushbu holat ortidan O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi, mehnat faoliyati va viza olishida ko‘plab muammolar boshlandi. Xususan, o‘tgan yili 25 noyabr kuni O‘zbekistonning Dubayda mehnat qilayotgan bir guruh fuqarolari politsiya tomonidan olib ketilgandi. Keyinroq ularning ayrimlari qo‘yib yuborilgani, ayrimlari deportatsiya qilingani hamda yana 5 kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi.