To‘qimachilik sohasidagi ayrim korxonalar pokistonliklar boshqaruviga berilishi mumkin
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi hamda mamlakat tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Pokistonda bo‘ldi.
Foto: dunyo.info
Tashrif doirasida mamlakat delegatsiyasi vakillari Lahor shahrida bo‘ldi va Lahor Savdo-sanoat palatasi, Umumpokiston to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari uyushmasi, to‘qimachilik, teri va junni qayta ishlash kompaniyalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Taba Group holdingi tarkibiga kiruvchi Yunus Textile Mills kompaniyasi bilan uy to‘qimachiligi yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Pokiston kompaniyasi O‘zbekistondagi kam quvvatda ishlayotgan yoki faoliyatini to‘xtatgan korxonalar bazasida qo‘shma loyihalarni oshirishdan manfaatdorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Sapphire kompaniyasi rahbariyati bilan esa O‘zbekistonda kichik yoshdagi bolalar uchun kiyim-kechak ishlab chiqarish, ip-kalava va paxta chiqindilarini import qilish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, Lahor Savdo-sanoat palatasida 50 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Yig‘ilganlarga O‘zbekistonning investitsion salohiyati, hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, erkin iqtisodiy zonalar, eksportbop mahsulotlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Palata raisi Mian Abuzar Shad bilan kechgan muloqot natijasida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, eksportni diversifikatsiya qilish, birgalikda to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, tibbiyot anjomlarini ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.
Umumpokiston to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari uyushmasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatdagi to‘qimachilik sohasida kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni pokistonlik hamkorlarga boshqaruvga berish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksportni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uyushma rahbari to‘qimachilik sohasida o‘zbekistonlik hamkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilib, joriy yil iyul oyida O‘zbekiston korxonalari bilan tanishish uchun mamlakatga kelish istagida ekanligini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida Lahor shahrida "O‘zbekiston savdo uyi"ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Pokistonning yetakchi Diner’s Group kompaniyasi o‘rtasida birgalikda "O‘zbekiston savdo uyini" faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, teri va charmdan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Dada Group kompaniyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonda qo‘y, echki va qoramol terisini qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.