«Badavlat ayol» loyihasi. Ishtirokchilar jiddiy muammolarga duch kelishgan
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
«Badavlat ayol» loyihasiga pul to‘laganlar darslar o‘z vaqtida tashkil etilmayotgani va professional o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilmagani, ta’lim sifati pastligi hamda va’da qilingan natijalarga erishilmayotganidan norozi bo‘lishyapti. Shuningdek, 3 oylab darslar o‘tkazilmayotgan bo‘lsa-da, har oylik to‘lovlar ishtirokchilarning plastik kartalardan avtomatik tarzda yechib olingan.
Foto: Getty images / Svetikd
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarning murojaatlari asosida «Badavlat ayol» loyihasining faoliyatini o‘rganib chiqdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra 2-3 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur loyiha ayol-qizlar uchun oilaviy munosabatlar, psixologiya, tadbirkorlik va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha bilim berishga qaratilgan ta’lim platformasi sifatida kerakli tavsiya va yo‘nalishlar taqdim etib kelgan. Shuningdek, mazkur loyihada to‘lovlarni Uzum nasiya orqali muddatli to‘lov shartlari asosida amalga oshirish imkoniyati ham yaratilgan.
Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan 50 ga yaqin shikoyat murojaatlarida fuqarolar quyidagi jiddiy muammolarga duch kelganliklarini bildirgan:
● Darslar o‘z vaqtida tashkil etilmayotgani yoki ta’lim jarayonlari professional ustozlar tomonidan o‘tkazilmayotgani;
● Ta’lim sifati pastligi va va’da qilingan natijalarga erishilmayotgani;
● Tashkilotchilar tomonidan tinglovchilarning e’tirozlari e’tiborsiz qoldirayotgani va qo‘pol munosabatdaligi;
● E’tiroz bildirgan ishtirokchilarning platformada bloklanishi;
● 3 oylab darslar o‘tkazilmayotgan bo‘lsa-da, iste’molchilardan har oylik to‘lovlar plastik kartalardan avtomatik tarzda yechib olinishi;
● Shartnomani bekor qilish jarayoni og‘irlashtirilgani, ayniqsa chekka hududlardagi fuqarolar uchun Toshkent shahriga kelish talabi qo‘yilgani;
● Loyihaga a’zo bo‘lish uchun Instagramʼdagi sahifada «bitta tugma bosish» kifoya bo‘lsa-da, shartnomani bekor qilish imkonsizligi va boshqalar.
«Yuqoridagi holatlardan kelib chiqqan holda Raqobat qo‘mitasi mazkur shikoyatlarni «Helpdesk» MChJ (loyiha tashkilotchisi) va «Shaffof moliya» MChJ (moliyalashtiruvchi tashkilot) bilan birgalikda o‘rganib, ularni hal etish yuzasidan ishlar olib bormoqda. Shuningdek, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida, Uzum nasiyaʼga loyiha bilan hamkorlik shartnomasini bekor qilish masalasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha rasmiy taklif yuborildi», deyiladi qo‘mita xabarida.