Moskvada OMON migrantlarga kuch ishlatdi. O‘zbekiston TIV va Migratsiya agentligi vaziyatni o‘rganmoqda
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
8 iyun kuni Rossiya kuchishlatar tuzilmalari Moskvada o‘tkazgan reyd tadbirlarida migrantlarni haqoratlab, kuch ishlatdi. Sankt-Peterburgdagi reydda esa 200 kishi ko‘chada tunashga majbur bo‘lgan. Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi holat nazoratga olinganini aytib, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lsa murojaat qilishni so‘radi.
Foto: Videodan kadr
2025 yil 8 iyun kuni Rossiya kuchishlatar tuzilmalari Moskva shahrining Strogino tumanida migrantlarga qarshi reyd o‘tkazdi. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, reyd tadbiri RF Mudofaa vazirligiga qarashli obektlardan birida MDH davlatlaridan kelgan fuqarolar yashaydigan yotoqxonada o‘tkazilgan. Tadbirda mehnat muhojirlarining hujjatlari tekshirilgan, ularning ayni qaysi davlat fuqarolari ekaniga oydinlik kiritilmagan.
Reyd davomida Omon maxsus bo‘linmasi markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga qo‘pol va noinsoniy munosabat qilgan. Xususan, migrantlar xonalardan haydab chiqarilgan, kuch tuzilmalari xodimlari migrantlarni haqorat qilgan, kuch ishlatib urgan va tepgan, ba’zilariga hattoki elektroshoker bilan hujum qilgan. Bunday noqonuniy harakat kuch tuzilmalarining o‘zi tomonidan videoga olib turilgan.
«Baza» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, reyd natijasida xodimlar hujjatlarida muammo bo‘lgan 5–6 kishini bo‘linmaga olib ketgan. Hozircha Moskvada o‘tkazilgan ushbu reyd haqida boshqa ma’lumotlar yo‘q.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi Moskvada bo‘lgan ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi.
«Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Rossiya federatsiyasining huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan rasmiy ma’lumot kutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Moskva shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi ushbu masalani nazoratga olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, reyd yakunida hujjatlarida muammo aniqlangan 5–6 nafar shaxs ushlab qolinib, holatni aniqlash maqsadida ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan», deyiladi vakolatxona bayonotida.
Shuningdek, Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi ushbu vaziyatda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjud bo‘lsa, jumladan, ularga tan jarohatlari yetkazilgan, huquqlari buzilgan yoki boshqa muammolarga duch kelgan bo‘lsa, holat yuzasidan murojaat qilishni so‘ragan.
Agentlikning Rossiyadagi aloqa ma’lumotlari:
Telefon: +7 925 045-47-44
Telegram: @pomoshrussiamigrant
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov Kun.uzʼga «ayni vaqtda holat o‘rganilayotganini» ma’lum qildi.
Bundan tashqari, 3-4 iyun kunlari Sankt-Peterburgda ham noqonuniy muhojirlarni aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazildi. Uning natijasida 200 dan ortiq xorijliklar politsiya bo‘limlariga olib ketildi. Ularning ko‘pchiligiga ma’muriy qonunbuzarliklar uchun jarima solingan, 30 kishiga esa mamlakatni tark etish to‘g‘risida rasmiy ogohlantirish berilgan.
O‘sha reydlar tufayli «Krasnyy tekstilshchik» ko‘chasida joylashgan Yagona migratsiya markazi yonidagi ko‘chalar to‘sib qo‘yilib, migrantlar uchun «qafas» tashkil qilingan.
«Yagona migratsiya markazining tor hududi metallodetektorli ramkalar va panjara bilan o‘rab qo‘yilgan. Fotosuratlarda uning oldida kamida ikki «qafas» o‘rnatilgani ko‘rinadi — biri erkaklar, biri ayollar uchun. Ichkarida faqat asfalt ustida tik turish yoki o‘tirish mumkin edi. «Bizni polga o‘tqazib yoki tik turib tutishyapti, go‘yoki qo‘ylar kabi», — dedi mahalliy nashr bilan suhbatlashgan migrantlardan biri.
Natijada markazga tutash xiyobonda 200 nafarga yaqin mehnat muhojirlari ko‘chada tunashga majbur bo‘lgan. Ular tekshiruvlar tufayli hujjatlarni rasmiylashtirishga ham ulgurmagan. Suv olish uchun tashqariga chiqish taqiqlangan, odamlarni faqat soat 19:00 dan 20:00 gacha kirish-chiqish uchun qo‘yib yuborishgan. Kechasi tashqarida sovuq bo‘lgan. Ertalabdan markaz bir necha kishilik guruhlarda arizachilarni qabul qilishni boshlagan. Shu bilan birga, politsiya va Rosgvardiya ertasi kuni ham markazga kirishga urinayotgan muhojirlarning hujjatlarini ommaviy tekshirgan».
Ma’lumot uchun, aslida Yagona migratsiya markaziga mehnat muhojirlari – ish patentini rasmiylashtirish, vaqtincha yashash guvohnomasi, doimiy yashash guvohnomasi yoki fuqarolik olish uchun keladi. Bundan avval ham ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy fuqarolar hujjat olish uchun ko‘p soatlab navbatda turishga majbur bo‘layotgani, tiqilinchda bir nafar Tojikiston fuqarosi vafot etgani aytilgan edi.