Yetakchilarning futbolga tashrifi O‘zbekiston xalqiga katta hurmat - Sherzod Asadov
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Prezident matbuot kotibi O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lgan Bolgariya prezidenti Rumen Radev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso va boshqa rasmiylarning O‘zbekiston – Qatar o‘yiniga tashrifini yuqori baholadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Qatar o‘yiniga davlat rahbari va boshqa martabali mehmonlarning tashrifi haqidagi fikrlarini aytdi.
«Kecha mamlakatimiz hayotida tom ma’noda tarixiy kun bo‘ldi. Ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham madaniy sohalardagi ulkan muvaffaqiyatlar bilan yodda qoldi. «Bunyodkor» stadionida o‘tgan futbol uchrashuvidagi ko‘tarinki ruh kunning ajoyib yakuni bo‘ldi. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tadbirlar ko‘p bo‘lganiga qaramay, prezident Shavkat Mirziyoyev terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun stadionga bordi. Yakunda O‘zbekiston futbolchilari Qatarni 3:0 hisobida yengdi», deb yozdi Asadov.
Uning ma’lum qilishicha, davlat rahbariga O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lgan Bolgariya prezidenti Rumen Radev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso, Toshkent investitsiya forumiga kelgan Qozog‘iston bosh vaziri O‘ljas Bektenov, Qirg‘iziston hukumati raisi Odilbek Qosimaliyev, Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarboyjon bosh vaziri Ali Asadov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev va boshqa rasmiylar hamroh bo‘ldi.
«Ular nafaqat o‘yinni kuzatdi, balki xalqimiz bilan birga muxlislik qildi, xursandchiligimizga sherik bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, shunday do‘stlik va ahillik 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan olimpiadada ham ko‘zga tashlangan edi. Muxlislar Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bayroqlarini birga ko‘tarib, qardosh sportchilarni olqishlab turgan edi. O‘zaro hurmat va samimiyatga qurilgan bunday munosabatlar, albatta, iqtisodiyotda ham, xalq hayotida ham o‘z aksini topadi. Buni barcha sherik davlatlar, ayniqsa, qo‘shni xalqlar bilan bordi-keldi, savdo-sotiq ko‘payganida yaqqol ko‘rish mumkin. Mazkur holatlar davlatimiz siyosatidagi samimiylik, O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan katta hurmatdan dalolat beradi. Shu bilan birga, qardosh mamlakatlar yetakchilarining oqilligi, mard va bag‘rikengligi butun bir mintaqadagi muhitni o‘zgartirib yuborishining yorqin namunasidir», deb yozdi Sherzod Asadov.