“Buncha tez ortga qaytamiz deb o‘ylamagandim”. Taksichilarga propiska talabi qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Endi Toshkentda taksilar qimmat bo‘ladi, 2 daqiqada keladigan taksi 10-20 daqiqada keladi, viloyatliklar noqonuniy taksichilik qilishga yoki o‘z mashinasini birovning nomiga o‘tkazishga majbur bo‘ladi, deydi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev. Iqtisodchilar Behzod Hoshimov va Otabek Bakirov hukumat qaroriga Konstitutsiyaviy sud baho berishi kerakligini aytdi.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda taksichilarning o‘z doimiy yashash joyidan boshqa hududda taksichilik qilishi qonunga zid deb belgilandi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilikka imi-jimida kiritilgan bu yangilik jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zgarishning mohiyatini sharhlab berdi. Iqtisodchilar Otabek Bakirov va Behzod Hoshimov mas’ullar oldiga savollarni qo‘ydi.
“Ming afsus. Konstitutsiyaga qarshi propiska rejimi rasman qaytgani bilan hammani tabriklayman!”
Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos, bloger:
— Endilikda haydovchilar mashina raqami berilgan hududda taksichilik qilishi mumkin bo‘larkan. Bu degani, masalan, 60 raqamli avtomobili bor haydovchilar faqat Andijonda taksichilik qila oladigan bo‘libdi. Yoki 95 raqamli avtomobili bor haydovchilar faqat Qoraqalpog‘istonda taksichilik qila oladi.
Avval qanday edi? Bunaqa qoida ilgari yo‘q edi.
2011 yil 18 maydagi 139-sonli qarorda haydovchi yo‘lovchilarni yo‘nalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda olib borishi belgilangan edi. Ya’ni, Qashqadaryo yoki Namangandan kelib, litsenziya oluvchi haydovchi litsenziya kartochkasida "Toshkent", deb ko‘rsatsa, u bemalol Toshkentda taksichilik qila olar edi.
2011 yilgi qarorda haydovchilarga litsenziya berishda avtomobil raqamining hududiy kodiga qaralishi tartibi bo‘lmagan. Ushbu qoida 2025 yil 2 apreldagi Vazirlar Mahkamasining yangi qarorida aks etibdi. Demak, 2 apreldan boshlab shunaqa qoida kuchga kirgan. Bu qoida Nizomdagi kichik bir band bo‘lgani uchun ko‘pchilik e’tibor ham bermay qolgan ekan. Mana endi taksichilar amaliyotda muammoga duch kelishni boshlagandan keyin ma’lum bo‘lib qoldi.
Bunday qaror qabul qilinishi mumkinligi haqidagi xavotirlarimizni bir yildan buyon aytib kelamiz. Afsuski, mas’ullar bu haqdagi “ahmoqona g‘oyani” imi-jimida qabul qilib yuborishibdi.
Endi nima bo‘ladi?
Mas’ullar o‘ylaganidek, bu qaror orqali Toshkentda tirbandliklar kamayib qolmaydi. Hamma o‘z viloyatiga qaytib ketmaydi (ish yo‘q joyda nima bor?). Bunga ishonayotganlarning yoki o‘zi ahmoq, yoki boshqalarni ahmoq deb o‘ylaydi.
Eng asosiysi PROPISKA REJIMI rasman qaytgani bilan hammani tabriklayman! Qanchadan qancha “qon yutishlar” orqali bir amallab yo‘qotilgan la’nati rejim taksichilar misolida yana ORTGA QAYTIBDI! Konstitutsiyaga zid bo‘lsa ham, baribir shu qarorni qabul qilishibdi. Eh, propiska rejimi bekor qilingani Yangi O‘zbekistondagi eng katta yutuqlardan biri sifatida e’tirof etilgan edi-ya... Buncha tez ortga qaytamiz, deb o‘ylamagandim.
Taksichilar – bu boshlanishi! Ertaga viloyatlik sartarosh o‘zini viloyatida sochini olsin deyishadi, viloyatlik novvoy o‘zini viloyatida non yopsin deyishadi, viloyatlik xodimlar o‘zini viloyatida ishlasin deyishadi. Yo‘q, unaqa bo‘lmaydi, demoqchimisiz? Men uncha shoshmagan bo‘lardim. Mana, taksida qilishdi-ku... Axir bu fakt-ku.
Yashasak ko‘raveramiz, bizni yana nimalar kutib turganini...
“Hududlardan kelayotgan arzon ishchi kuchi – Toshkentda xizmatlar bo‘yicha narxlarni ushlab turgan omillardan biri”
Otabek Bakirov, iqtisodchi:
— Qaror muhokamaga qo‘yilmagan, nima uchun bunday talab kiritilayotgani izohlanmagan. Uning oqibatlari ham o‘ylanmagan. O‘nminglab odamlarning nafratini qo‘zg‘aydigan bu qarorning lobbisti kim bo‘lganini o‘zingiz uchun tasavvur qilishingiz mumkin.
Darvoqe, Lolazor'ning o‘tgan yilgi sonlaridan birida taksi xizmati ko‘rsatishdan viloyatliklar chetlashtirilishi yopiq kabinetlarda muhokama qilinayotgani haqida gaplashgan edik.
Endi nima bo‘ladi?
Bu qaror qaysi aql bilan va nima maqsadda qabul qilingani shaxsan menga tushunarsiz. Xo‘p, endi nima bo‘ladi?
Endi Toshkent shahrida taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘nminglab O‘zbekiston fuqarolarida bir necha variantlar qoladi:
1. Mashinasini sotib, Rossiyaga mardikorlikka ketish.
2. Viloyatlarga qaytish va ishsizlar yoki kambag‘allar armiyasini ko‘paytirish.
3. Kamida 5,5 mln so‘m pul sarflab, o‘z mashinasini toshkentlik qarindoshi yoki tanishi nomiga o‘tkazish (Toshkent raqami uchun), keyin ijarada yoki ishonchnomada taksichilik qilish. O‘tgan yomon zamonda yuzminglab o‘zbekistonliklar Toshkent shahridagi o‘z uyini boshqalar nomiga rasmiylashtirib va ijara shartnomasi qilib yashashiga to‘g‘ri kelardi. Xuddi shu buzuq praktika qaytmoqda. Masala xususan, avtomobil raqamiga oid bo‘lgani uchun lobbi aynan raqam qirollaridan chiqqanmikan, degan gumon ham keladi. Chunki oxirgi chora sifatida viloyatlik haydovchilar Toshkent raqamlarini olishga majbur bo‘lishadi.
Tabiiyki, poytaxtliklar viloyatliklarni kamsitishga oid bu qarorning oqibatlarini cho‘ntaklarida sezishadi. Taksi narxlari oshadi, yo‘nalishsiz taksilar kamayadi.
Konstitutsion sudga murojaat qilinadimi?
Shaxsan mening fikrimcha, poytaxtda taksi xizmati ko‘rsatishdan viloyatliklarni chetlatadigan yoki cheklovni aylanib o‘tish uchun qo‘shimcha xarajatga majburlaydigan bu rasvo talab Konstitutsiya ruhi va mundarijasiga zid. Behzod Hoshimov bilan bu borada to‘liq hamfikrman.
Konstitutsion sudga murojaat qilishning eng tez varianti sifatida parlament deputatlari orqali amalga oshirilishi mumkin. Siz nima deb o‘ylaysiz, deputatlar orasida bironta mard chiqarmikan?
Agarda viloyatlik taksistlarning huquqi cheklanishiga ko‘z yumilsa, ertaga navbat viloyatlik novvoylar, viloyatlik o‘qituvchilar va hammamizga yetib boradi. Biz o‘tgan yomon zamonda bir kechada uyg‘onib turib, 2016 yilga kelib qolmaganmiz.
Hayit kunlari poytaxtda taksi narxi keskin oshib ketgani esingizdami?
Viloyatlik taksichilarning hududlarga qaytishi ortidan hayit kunlari taksi soni keskin kamayib, qimmatlaydi (non bilan ham shu vaziyat, agar sezsangiz). Endi buyog‘iga, ayniqsa sentabrdan keyin har kuni shunday bo‘ladi.
3 aprelgacha litsenziya olvolgan viloyatlik taksichilar hozircha ishlashmoqda (litsenziya bir yilga beriladi). Lekin oyma-oy viloyatlik taksichilar soni kamayib boradi. Yozgi mavsumda bu uncha sezilmasligi mumkin, lekin sentabrdan keskin bilinadi.
O‘zi hududlardan kelayotgan arzon ishchi kuchi Toshkentda xizmatlar bo‘yicha narxlarni ushlab turgan kam omillardan biri, agar yagonasi bo‘lmasa.
Ayni damda 775 ming taksichidan qanchasi poytaxtda ishlayotgan viloyatliklar ekani, noma’lum, lekin juda katta qismi ekani aniq (menda har to‘rt chaqiruvdan uchtasida viloyat mashinasi keladi).
Bu zararkunandalikdan qaror chiqarganlarning o‘zi ziyon ko‘rmaydi, chunki biz qora xalqdan farqli o‘laroq, ular Malibu'da harakatlanishadi.
“Agar viloyatlararo cheklov to‘g‘ri deb o‘ylasangiz, nega unda tumanlar aro cheklov xato narsa deb o‘ylaysiz?”
— Behzod Hoshimov, iqtisodchi:
Ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan gaplar rost bo‘lsa, Toshkentdagi tirbandliklar masalasini xato yo‘l bilan yechmoqchi bo‘lishyapti, shekilli. Muammo talabda, taklifda emas. Toshkentda ko‘p avtomobillarga talab bor, ko‘p odamlar esa bu talabni qondiradi. Bu masalaning to‘g‘ri yechimlari bor – pullik “parkovka”, jamoat transportiga sarmoya, balki ko‘chalardagi harakatlanish ayrim vaqtlarda pullik bo‘lishi mumkin. Belgilangan chorada esa, masala xuddi faqat taklifdadek tuyulyapti.
Qaysidir Janubiy Amerika mamlakatida, avtomobil nomerlari toq raqam bilan tugasa toq kunlarda, juft raqam bo‘lsa juft kunlarda harakatlanishga ruxsat berishgan edi. Natijada, avtomobillar soni qariyb ikki karra oshgan. Bu loyihani ham aylanib o‘tishadi, salpal haqlar poymol qilinadi, qonuniylika nisbatan behurmatlik oshadi, lekin taksilar yo‘q bo‘lib qolmaydi.
Ikkinchi tomondan – qonuniy masala. Bunisi muhim. Konstitutsiyaviy va bazaviy inson huquqlari. Agar qaysidir faoliyat turi – odamni kelib chiqishi sababidan boshqa viloyatlarda ishlashi taqiqlansa – insonlarning konstitutsiyaviy huquqi masalasi ko‘tarilishi kerak. O‘zbekistonliklar, O‘zbekistonni istalgan xududida yashashga va mehnat qilishga bo‘lgan haqlari cheklanmasligi kerak deb o‘ylayman.
Yana bir mental eksperiment: agar viloyatlararo cheklov to‘g‘ri deb o‘ylasangiz, nega unda tumanlar aro cheklov xato narsa deb o‘ylaysiz?
O‘ylab ko‘ring, qashqadaryolik haydovchi Toshkentda ishlamasligini oqlashga ishlatilgan mantiqni yunusobodlik haydovchi Sergelida ishlamasligiga yoki chinozlik haydovchi Yangiyo‘lda ishlashi mumkin emasligiga qo‘yib ko‘ring. Ahmoqona eshitiladi-a? Bir respublika ichidagi cheklovlar ham xuddi shunday eshitiladi. Ular mantiqsiz.
Men oldinlari Rossiyaga borganimda juda ko‘p marotaba o‘zbekistonlik yoki qirg‘izistonlik haydovchilarga duch kelar edim. Yoki Nyu Yorkda ham, bir necha marta o‘zbek haydovchisi meni manzilga yetkazib qo‘ygan. Ko‘plari Nyu Jyersi yoki hatto Pensilvaniyada istiqomat qilishar edi, Nyu Yorkda emas. Yaxshiyam, kim qaysi shaharda faoliyat olib borishiga ruxsat berishda kelib chiqishiga (o‘zbek) qaralmas ekan. Vaholanki, Nyu York bilan Nyu Jyersi umuman har xil shtat va hatto har xil soliq tizimi.